Xalq ta’limi vazirligi tomonidan «Sog‘lom bola yili» Davlat dasturiga asosan maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olinmagan bolalarni maktabga tayyorlashga mo‘ljallab chop etilgan besh nomdagi («Nutq o‘stirish, o‘qish va savodga tayyorgarlik», «Matematik tasavvurlarni shakllantirish», «She’riy asarlar to‘plami», «Nasriy asarlar to‘plami», «Sog‘ tanda – sog‘lom aql») qo‘llanmalarning joylarga yetkazilishi va ulardan oilalarning foydalanishini ta’minlash tartibi tasdiqlandi. Xalq ta’limi vazirligining maktabgacha ta’lim muassasalari bo‘limi boshlig‘i Sabohat Mirjalilova bilan suhbatimiz shu xususda bo‘ldi.
– MTMga qamrab olinmagan bolalar uchun chop etilgan besh nomdagi qo‘llanmalarni joylarga yetkazish va ulardan foydalanish tartibi haqida so‘zlab bersangiz.
– Mazkur tartib besh nomdagi rangli, suratli kitoblarni manzilli ro‘yxat asosida bosqichma-bosqich joylarga yetkazishni ko‘zda tutadi. Unga ko‘ra, jarayon quyidagicha amalga oshiriladi. Avvalo, Respublika «Ta’limta’minot» unitar korxonasi qo‘llanmalarni nashriyotdan qabul qilib olgach, ularning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi korxonalariga yetib borishini ta’minlaydi. Kitoblar tashkilotlar orqali taqsimotga asosan umumta’lim maktablari kutubxonasiga yetkaziladi. Ularni tarqatish yuzasidan tuman(shahar) xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limlarining buyrug‘i chiqarilib, mas’ullar tayinlangach, qo‘llanmalar ota-onalarga beriladi.
Qo‘llanmalardan unumli foydalanishni aholi o‘rtasida targ‘ib qilish, MTM tarbiyachilari va boshqa mas’ullarning oilalarda tushuntirish ishlarini olib borishini tashkil etish maqsadida 10000 to‘plam qo‘llanma mamlakatimizdagi mavjud 4950ta maktabgacha ta’lim muassasasi(har biriga ikki to‘plamdan), hududiy malaka oshirish institutlari(har biriga besh to‘plamdan), qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq ta’limi boshqarmalari (har biriga bir to‘plamdan), Maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish respublika o‘quv-metodika markazi(o‘n olti to‘plam)ga berildi. Shu kungacha bu bosqichdagi barcha ishlar yakunlandi.
– Qo‘llanmalar ota-onalarga qay tartibda tarqatilmoqda?
– Besh nomdagi kitoblar faqat maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olinmagan 5-6 yoshli farzandlari bor oilalarga taqdim etiladi. Ota-onalar kitobni olgach, haqiqatan ham, kitob berilgani, farzandlari 1-sinfga borganda kitobni maktab kutubxonasiga qaytarishi to‘g‘risidagi hujjatga imzo chekadi. Har bir ota-ona farzandi bilan bir yil davomida qo‘llanmalar asosida shug‘ullanadi. Yuqorida qayd etilganidek, farzandi 1-sinfga qabul qilingach, kitoblarni maktab kutubxonasiga qaytaradi. Ayni paytda mazkur risolalar 5-6 yoshli farzandlari maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olinmagan 436130 xonadonga yetkazilmoqda.
– Kitoblardan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha ota-onalarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish borasida qanday ishlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan?
– Bu masala bo‘yicha ham tartibda muayyan vazifalar belgilangan. Jumladan, tuman(shahar) xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limlari metodistlari, maktabgacha ta’lim muassasalari pedagoglari o‘z hududlaridagi 5-6 yoshli farzandlari maktabgacha ta’lim muassasasiga qamrab olinmagan oilalarga besh nomdagi qo‘llanmalardan foydalanish yuzasidan maslahatlar berishayapti. Mahalla, tuman(shahar) miqyosida mavzuga oid o‘quv-seminarlar tashkil etilayotir. Jarayonda MTM tarbiyachilari ham faol ishtirok etib, muassasa qoshida ota-onalarga farzandlari bilan shug‘ullanish bo‘yicha amaliy yordam va ko‘rsatmalar berishmoqda. Maktabgacha ta’limning mazmun-mohiyatini targ‘ib qiluvchi tadbirlar o‘tkazilib, ularga imkon qadar ko‘proq ota-onalarni jalb etish, tashviqot ishlarining saviyasini oshirishga alohida e’tibor qaratilayapti.
Xayriddin MUROD yozib oldi.
Manbaa: uzedu.uz