2016 yil O’zbekistonda «Sog’lom ona va bola yili»

url

O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida 5 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kunning 23 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.Unda davlat va jamoat arboblari, fan, madaniyat va san’at namoyandalari, poytaxt jamoatchiligi, mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy davlatlar elchixonalari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari vakillari ishtirok etdi.

 

Yig‘ilishni Toshkent shahar hokimi R.Usmonov ochdi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tantanali yig‘ilishda ma’ruza qildi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi mamlakatimizda suveren demokratik davlat barpo etish, inson manfaatlari, huquq va erkinliklarini ta’minlash, iqtisodiyotimiz rivoji va turmushimiz farovonligini yuksaltirishning asosiy huquqiy kafolati bo‘lib kelayotganini ta’kidladi.

Ushbu tarixiy sanani bayram qilar ekanmiz, mustaqilligimizning mustahkamlanishi, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarning izchil rivojlanishi, aholi turmush darajasining yuksalishi, mamlakatimizning xalqaro hamjamiyatdagi nufuzi ortishi – barcha yutuq va imkoniyatlarimizda Asosiy qonunimizning ahamiyati yuksak ekanligini yanada teran anglaymiz.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bayramining yana bir muhim jihati, shu kuni xalqimizning ezgu intilishlarini ifoda etadigan,  jamiyatimiz rivojiga xizmat qiladigan eng ustuvor yo‘nalishlar belgilab olinadi va kelgusi yilga shunga muvofiq nom beriladi.

Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 2015 yil Keksalarni e’zozlash yili deb e’lon qilingan edi.

«Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturi asosida yoshi ulug‘ insonlarning hayot darajasi va sifatini oshirishga qaratilgan me’yoriy-huquqiy baza takomillashtirildi. Keksalarning ko‘nglini ko‘tarish, salomatligini mustahkamlash, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash ko‘lamini kengaytirish, tibbiy va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Faxriylarning hayot faoliyati va dam olishini mazmunli tashkil etish, yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik va mehr-oqibat muhitini mustahkamlashda ularning tajribasidan foydalanishga alohida e’tibor qaratildi.

Vatanimizni har tomonlama rivojlantirish, xalqimiz farovonligini yanada oshirish yo‘lidagi bunday ishlar izchil davom ettirilmoqda.

Prezidentimiz Islom Karimov kirib kelayotgan yangi – 2016 yilni mamlakatimizda Sog‘lom ona va bola yili deb e’lon qilishni taklif etdi. Davlatimiz rahbarining bu taklifini yig‘ilganlar gulduros qarsaklar bilan qo‘llab-quvvatladi.

Tantanali marosim san’at ustalari va yosh ijrochilarning bayram  konserti bilan yakunlandi.